Welcome to Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bosh boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bosh boshqarmasi Powered By GSpeech

Hududlar toifalarga bo‘lindi. Natija nima bo‘ladi?

Davlatimiz rahbari o‘tgan yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2023 yildan boshlab hududlar tadbirkorlikni rivojlantirishda mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib besh toifaga bo‘linishi va shu asosida ularning iqtisodiy rivojlanishini belgilash tartibi joriy etilishi haqida so‘z yuritgan edi.

So‘ngra, aniqrog‘i, 2022 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan 208 tuman va shahar besh toifaga bo‘lindi.  

Samarqand viloyatidagi tuman va shaharlar toifalarga bo‘linganda Samarqand shahri birinchi toifa (tadbirkorlik uchun har tomonlama rivojlangan hudud) ga, Jomboy, Samarqand va Toyloq tumanlari ikkinchi toifa (infratuzilmasi yaxshi bo‘lgan hudud) ga kirdi. Kattaqo‘rg‘on shahri, Bulung‘ur, Ishtixon, Narpay, Oqdaryo, Pastdarg‘om va Urgut tumanlari sharoiti nisbatan qoniqarli bo‘lgan hudud sifatida uchinchi toifada qayd etildi.  

To‘rtinchi – jozibadorligi yetarli bo‘lmagan hududlar sifatida Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Paxtachi va Payariq tumanlari qayd etildi. Viloyatning Qo‘shrabot tumanigina beshinchi toifada sharoiti og‘ir bo‘lgan hudud deb topildi.  

– Hududlarning toifalarga bo‘linishida ekspertlarning fikrlari hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlar, sohalar rivojlanishida viloyatdagi ulushi hamda aholi jon boshiga iqtisodiy ko‘rsatkichlar to‘g‘ri kelishi tahlillari e’tiborga olingan, – deydi Samarqand viloyati hokimligi axborot-tahlil guruhi rahbari S.Abirahmatov. – Endilikda ularni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, aholini ijtimoiy himoya qilishga alohida yondashuv bo‘ladi. Jumladan, 2026 yil 1 yanvarga qadar soliq solishning tabaqalashtirilgan tartibi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, beshinchi toifadagi tumanlarda, bizda Qo‘shrabot tumanida ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’ektlari (yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasa, byudjet tashkiloti va davlat korxonasi, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida, shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi. Ushbu imtiyoz tufayli tumandagi 1349 nafar tadbirkor ixtiyorida 13,4 milliard so‘m mablag‘ qolmoqda va shuning hisobidan ular faoliyatini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.  

Shuningdek, beshinchi toifadagi hududda ro‘yxatdan o‘tgan va shu yerda faoliyat yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalarini to‘lashdan ozod qilindi. Jumladan, Qo‘shrabotdagi 715 nafar yakka tartibdagi tadbirkor qat’iy soliq to‘lashdan ozod etildi. Ular 2022 yilda 295 million so‘m to‘lagan va joriy yilda 324 million so‘m to‘lashi kerak edi.  

Jozibadorligi yetarli bo‘lmagan hududlar sifatida to‘rtinchi toifada qayd etilgan Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Paxtachi va Payariq tumanlarida ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’ektlari (yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasa, byudjet tashkiloti va davlat korxonasi, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) uchun aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy soliq stavkasi 3 foiz etib belgilandi.  

Mazkur tumanlar bo‘yicha Xalq deputatlari viloyat Kengashiga yuridik shaxslar mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha eng kam qiymatlarga 0,3 gacha, yakka tartibdagi tadbirkorlar qat’iy solig‘i bo‘yicha 0,5 gacha kamaytiruvchi koeffitsiyent kiritish huquqi berildi. Buning natijasida bu uch tumandagi 5137 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy soliq stavkasiga 0,5 gacha kamaytiruvchi koeffitsiyent kiritish hisobiga 3 milliard so‘m, 8230 ta tadbirkorlik sub’ekti uchun aylanmadan soliq stavkasi 3 foiz etib belgilanishi hisobiga 6 milliard so‘m mablag‘ ular ixtiyorida qoladi. Shuningdek, 2000 dan ortiq yuridik shaxsning mol-mulki va yer solig‘i bo‘yicha belgilangan eng kam qiymatlarga 0,3 gacha kamaytiruvchi koeffitsiyent kiritish bilan tadbirkorlar 15 milliard so‘mga yaqin mablag‘ni iqtisod qiladi.  

To‘rtinchi va beshinchi toifadagi tumanlarda kichik biznes sub’ektlariga tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasidan kredit va lizinglar bo‘yicha asosiy stavkadan oshgan, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 40 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi. Kreditlarning 75 foizigacha, biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi. Barcha turdagi subsidiyalar “2+1” tamoyili asosida ajratiladi, bunda, subsidiya dastlab ikki yilga taqdim etiladi va samarasi ijobiy deb topilsa, uni amal qilish muddati bir yilga uzaytiriladi.  

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan tomorqa yer uchastkalarida fuqarolarni kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlarga parrandachilik, uzumchilik, asalarichilik, quyonchilik, baliqchilik sohalari uchun birinchi, ikkinchi va uchinchi toifalardagi hududlar aholisiga avvalgi kabi bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha, to‘rtinchi va beshinchi toifalardagi tumanlar aholisiga esa BHMning 25 baravarigacha (shu paytgacha 20 baravar edi) subsidiya beriladi.  

Umumiy qurilish ishlari bilan shug‘ullanayotgan yakka tartibdagi tadbirkorga kamida uch nafar xodim yollagan taqdirda mehnat qurollari, asbob-uskunalar, stanoklar, maxsus kiyim, boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari sotib olish uchun shu paytagacha BHMning 15 baravarigacha subsidiya berilgan bo‘lsa, endilikda to‘rtinchi va beshinchi toifalardagi tumanlarda faoliyat ko‘rsatadigan YATTlarga BHMning 20 baravarigacha subsidiya ajratiladi.  

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasidan sug‘orish vositalarini xarid qilish, ishsizlar, kam ta’minlangan oilalar a’zolari va migratsiyadan qaytgan shaxslarga qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun subsidiya ajratish miqdorlari ham birinchi toifadan tashqari boshqa toifalardagi hududlarda o‘zgardi. Ya’ni, birinchi toifadagi hududlarga BHMning 10 baravarigacha, ikkinchi va uchinchi toifalardagi hududlarga 12 baravarigacha, to‘rtinchi va beshinchi toifalardagi tumanlarda 15 baravarigacha subsidiya beriladi.  

Xuddi shunday, “Usta-shogird” an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga shogirdlar tayyorlash, xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash uchun subsidiya miqdorlari to‘rtinchi va beshinchi toifadagi tumanlarda BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha oshirildi. O‘quv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi uchun o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning har bir bitiruvchisiga 1 million so‘mdan oshmagan holda kompensatsiya qilish uchun subsidiya ajratish miqdorlari ham to‘rtinchi va beshinchi toifadagi tumanlar uchun 70 foizdan, 80, 100 foizgacha o‘zgardi.  

Bu tartibda subsidiya ajratish orqali norasmiy sektorda band bo‘lganlar ulushi qisqartiriladi va ularning band aholi sonidagi ulushi 2026 yilga qadar kamaytirib boriladi.  

Misol uchun, birgina umumiy qurilish ishlari bilan shug‘ullanayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga kamida 3 nafardan ishchi yollagan taqdirda, viloyatdagi 1126 ta mahallada kamida ikkitadan qurilish brigadalari tuzilgan taqdirda 9 mingdan ortiq fuqaroning rasmiy bandligi ta’minlanadi. Tumanlarda tomorqa yer xo‘jaliklarida 30 foiz mahalla hududida kamida bittadan kasanachilik tashkil etilib, ularga 25 nafardan ishsiz yoki norasmiy band fuqarolar biriktirilganda 6,5 mingdan ortiq fuqaroning rasmiy bandligini ta’minlashga erishiladi. Eng muhimi, to‘rtinchi va beshinchi toifadagi hududlarda ishsizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, muayyan kasb bilan ta’minlash darajasi kamida 1,5 barobarga oshadi.  

Bu hali kutilayotgan dastlabki natijalar. Demak, tizim to‘liq ishga tushib, imtiyoz va yengilliklar qo‘llana boshlagach, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirishga katta turtki beradi.  

 

G‘.HASANOV,  

O‘zA

 

Foydali havolalar

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish bosh boshqarmasi

Telefon: 0 (366) 334-45-07

Ish vaqti: 9:00-18:00

Tushlik: 13:00-14:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Facebook || Telegram


© 2013 - Samarqand viloyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bosh boshqarmasi.
Sayt ma'lumotlaridan foydalanganda havola keltirish majburiy.

Created by O.Ergashev

Tinglash uchun tugmani bosing. Ekran suxandoni