Welcome to Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bosh boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bosh boshqarmasi Powered By GSpeech

Prezident qarori amalda: Peshku va G‘ijduvon tumanlarida quvvati 300-500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalari qurilmoqda

Buxoro viloyati Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har birining qiymati 650 million AQSH dollariga teng bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini loyihalashtirish va qurish ishlari boshlangan.

Mazkur loyihalar Prezidentimizning 2021 yil 23 fevraldagi “Buxoro viloyatining Peshku hamda G‘ijduvon tumanlarida quvvati 300-500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurishga doir investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Saudiya Arabistoni Qirolligining “ACWA POWER” xorijiy kompaniyasi sarmoyasi asosida amalga oshirilmoqda.  

Loyihani amalga oshirish uchun Buxoro viloyati hokimining “Buxoro viloyatida shamol elektr stansiyasi va havo elektr uzatish tarmoqlarining tayanch qurilmalarini qurish uchun yer uchastkalari ajratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra Peshku va G‘ijduvon tumanlari cho‘l massivlaridan alohida yer maydonlari ajratildi.  

G‘ijduvon tumani “Ko‘kcha” hamda Peshku tumani “Jongeldi” massivlaridan qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan jami 122,91 gektar  yer maydoni shamol elektr stansiyasi va havo elektr uzatish tarmoqlarining tayanch qurilmalarini qurish uchun respublika Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan. Shamol elektr stansiyalari va podstansiyalar qurilishi uchun ajratilgan yer uchastkalari endilikda investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga teng davrda loyiha kompaniyasiga havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish uchun “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ ga ijaraga berilmoqda.  

Loyihalarni amalga oshirish maqsadida yuqoridagi qarorga muvofiq Peshku tumanida “ASWA Rower Dzhankeldy Wind” hamda G‘ijduvon tumanida “ACWA Power Bash Wind” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tuzilgani holda zarur tashkiliy chora-tadbirlar olib borilmoqda. Loyihalarni amalga oshirish doirasida Peshku va G‘ijduvon tumanlarida umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish uchun Saudiya Arabistonining “ACWA POWER” kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda loyiha yer maydonlarida meteo-machtalar o‘rnatilgan. 1 yillik ko‘rsatkichlarning tahlili olingan. Shuningdek, kompaniya tomonidan loyiha yer maydonida qo‘shimcha o‘rganishlar, jumladan, bioxilma-xillik, topografik, geotexnik ishlari nihoyasiga yetkazilgan.  

Keng ko‘lamdagi loyiha doirasida 2020 yilning avgust oyidan boshlab G‘ijduvon tumanining “Ko‘kcha” va “Ayak Atilma” cho‘l massivlarida shamol tezligi, yo‘nalishi va davomiyligini o‘rganish maqsadida 100 metr balandlikdagi 9 ta machtani o‘rnatish ishlari yakunlangani holda kuzatuvlar boshlangan. Bundan tashqari, shamol generatorlari o‘rnatiladigan hududning topografiyasi, gidrologiya geotexnika va boshqa yer qatlamini o‘rganish ishlari yakuniga yetkazilgan. Loyiha doirasida shamol generatorlarini olib kelish va qurish, machtalarni o‘rnatishga doir birlamchi ishlar davom ettirilmoqda.  

Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Peshku va G‘ijduvon tumanlarida shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarini moliyalashtirish ishlarini yakunlash yil davomida amalga oshirilishi belgilangan. Bu jarayonda har bir tumanda barpo etilayotgan shamol elektr stansiyasi loyiha qiymati 650 million AQSH dollariga tengligi hisoblab chiqilgan. Buning uchun barcha tashkiliy va qurilish ishlari Saudiya Arabistonining “ACWA POWER” kompaniyasi sarmoyasi hisobidan bajarilmoqda.  

– Bu ishda bizga Xitoy Xalq Respublikasining “China Energie Internationale Group” kompaniyasi bosh pudratchi sifatida yaqindan hamkorlik qilmoqda, – deydi “ACWA POWER” kompaniyasining O‘zbekiston Respublikasida biznesni rivojlantirish bo‘limi menejeri Akbar Mavlonov.  – Shu munosabat bilan o‘tgan yil bahor oylarida xalqaro hamda mahalliy ekspertlar ishtirokida Peshku va G‘ijduvon tumanlari cho‘l zonalaridagi shamol elektr stansiyalari qurilishining atrof-muhitga ta’sirini baholash bo‘yicha jamoatchilik eshituvi tashkil etilgan. Muhokamada “ACWA POWER” kompaniyasi, qolaversa, "JURU ENERGY" MCHJ konsalting kompaniyasi mutaxassis ekspertlari, shuningdek, respublika Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini saqlash xizmati, irrigatsiya bo‘limi mutasaddilari, mahalla ma’muriyati ishtirok etdi. Yangidan bunyod etilishi kutilayotgan shamol elektrostansiyalarning atrof-muhitga ta’siri xususidagi laboratoriya xulosalari, shuningdek, fikr-mulohazalar o‘rganilgan.  Muhimi, muhokamada hudud infratuzilmasini yanada yaxshilashga xizmat qiladigan elektrostansiyaning atrof-muhitga zarari yo‘qligi ta’kidlangani holda mazkur hududda quvvati 500 MVt gacha bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishiga rozilik bildirilgan.  

Investitsiya loyihalarini amalga oshirish butun davri mobaynida shamol elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish hamda ekspluatatsiya qilish, har bir investitsiya loyihasi bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni bartaraf etgan  holda jami dastlabki baholash bo‘yicha 650 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘ini jalb etish ular zimmasida. Shuningdek “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va loyiha kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasida imzolangan elektr energiyasi sotib olish to‘g‘risida bitimlar ham ma’qullangan.  

Kelishuvga erishilgan mazkur bitimlarga muvofiq, loyiha kompaniyalari ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yagona xaridor bo‘lgan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga kafolatlangan tarzda sotish majburiyatini oladi. Qurilish davridagi o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarilishining ta’minoti sifatida 18 million AQSH dollari miqdorida bank kafolati taqdim etadi. Investor va loyiha kompaniyalari shamol elektr stansiyalarini yagona elektr energiyasi tarmog‘iga ulash uchun havo elektr uzatish tarmoqlari va boshqa elektr inshootlari qurilishini amalga oshiradi. Ushbu ishlar uchun sarflangan xarajatlar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 10 yil davomida oylik to‘lovlar asosida qoplanadi.  

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini oladi va elektr energiyasi uchun to‘lovni milliy valyutada amalga oshiradi.  

Bugunga kelib esa shamol elektr stansiyasi uchun ajratilgan Peshku tumanida 154, G‘ijduvon tumanida esa 172 gektar yer maydonida machtalarni o‘rnatish, har bir tuman hududida 2 ta podstansiyani qurish, shuningdek, loyiha davomida umumiy uzunligi 291 kilometr masofadagi 500 kVt kuchlanishga ega havo elektr uzatish liniyasini tortish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar amaliyoti boshlangan.  

Muhimi, mazkur loyihalarning Peshku va G‘ijduvon tumanlarida amalga oshirilishi natijasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etiladi. Elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari rivojlantirilishi barobarida iqtisodiyot tarmoqlari va aholini energiya resurslari bilan barqaror va sifatli ta’minlash imkoni yaratiladi.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA

 

Foydali havolalar

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish bosh boshqarmasi

Telefon: 0 (366) 334-45-07

Ish vaqti: 9:00-18:00

Tushlik: 13:00-14:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Facebook || Telegram


© 2013 - Samarqand viloyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bosh boshqarmasi.
Sayt ma'lumotlaridan foydalanganda havola keltirish majburiy.

Created by O.Ergashev

Tinglash uchun tugmani bosing. Ekran suxandoni